← Maqolalar

Maqolalar / 12.10.2026

Nega o'zi yozaman?

Nega o‘zi yozish niyatim bor? Nega yozmoqchiman?

To‘g‘risi, aniq ayta olmayman. Maktabda insho yozishni juda yomon ko‘rardim. O‘sha payt umuman yozish menga yoqmasa kerak, degan fikr bor edi. Lekin hozir shuni tushunib yetdimki, menga ko‘proq o‘zimga qiziq bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida yozish yoqmas ekan.

Nima haqida yozaman? Hamma narsa haqida. Yoki yana 5–6 oyga tashlab qo‘yaman. Ko‘p xatolar qilaman: orfografik, mantiqiy va hokazo. Lekin menga yozish jarayoni juda yoqadi. Yozish — bu o‘ylashdir. Qandaydir meditativ jarayon. Har doim yozish uchun o‘tirib, mavzu tanlayman va o‘sha mavzuda fikrim sayoz ekanligini anglab yetaman. Ammo baribir yozaman. Nega har doim haq va "aqlli" bo‘lishimiz kerak? Nima bo‘lsa, bo‘lar! Shunchaki yoz. Ko‘ramiz, nima bilan tugar ekan bu hammasi. Bu dunyoda raqamli izimni qoldiraman!

← Ortga Maqolalar